O‘zbekiston Respublikasi arxivchilarining etika Kodeksi

I. Kirish

1. O‘zbekiston Respublikasi arxivchilarining etika Kodeksi (quyida “Kodeks”) arxivchi kasbiga va arxiv ishi sohasida faoliyat yuritishga nisbatan yuqori darajadagi kasbiy talablarni belgilashda axloqiy mezonlardan hisoblanadi.
2. Mazkur Kodeksda keltirilgan “arxivchi” atamasi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha arxiv muassasalarida arxiv hujjatlarini jamlash, hisobini olib borish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish borasida faoliyat olib boruvchi barcha xodimlarga taalluqlidir.
3. “Mijoz” atamasi arxiv idorasi va arxiv xodimlari xizmatidan foydalanadigan hamda ular bilan bevosita munosabatda bo‘ladigan tashkilotlar, idoralar, muassasalar va shaxslarni nazarda tutadi.
4. Kodeksining asosiy maqsadi arxiv xodimlarining “Arxivchi” degan yuksak nomga munosib faxr tuyg‘ularini shakllantirish hamda ularning kasbiy ahloq mezonlari doirasida faoliyatlarini tashkil etishlariga ko‘maklashishdir. Shuningdek, ish jarayonida arxiv muassasalari rahbarlari, xodimlari va arxiv mijozlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, muomala madaniyati, yurish-turish va xulq-atvor tamoyillarini o‘zida mujassam etadi.
5. Arxiv ishi bo‘yicha faoliyat yurituvchi arxivlar va idoraviy arxivlarning xodimlariga mazkur Kodeksda belgilangan talablar va me’yorlar yetkazilishi shart hisoblanadi. Mazkur Kodeksda keltirilgan tamoyillar izohlar bilan birga ko‘riladi va ular o‘zaro uyg‘unlashgan tarzda Etika kodeksini tashkil etadi.

II. Etika kodeksining tamoyillari va izohlari

6. Arxivchining Etika kodeksi quyidagi tamoyillardan iborat:
– arxiv idorasi hamda arxiv xodimining haqqoniy, to‘laqonli obro‘sini oshirish;
– arxiv idorasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda o‘zaro hamfikrlikda va hamjihatlikda ishlash;
– arxiv ishiga, chunonchi; milliy qadriyatlarimiz bo‘lgan arxiv hujjatlarini jamlash, hisobini yuritish, saqlash va ulardan foydalanishga yuqori kasbiy mahorat bilan vijdonan yondoshish;
– arxiv ishiga oid amallarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga va mazkur Kodeksda belgilangan tamoyillarga qat’iy rioya qilish;
– arxivning obro‘-e’tiborini yuqori darajada saqlash, hech qachon shaxsiy manfaat yo‘lida arxiv maqomi, manba’lari va mablag‘laridan foydalanmaslik;
– arxiv ishida jamiyatga, davlatga va shaxsga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarni bajarmaslik, talab va taklif etmaslik;
– hujjatlar va ularda aks ettirilgan ma’lumotlarni soxtalashtirish, manipulyatsiya qilish va o‘zgartirish bilan bog‘liq har qanday qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz bo‘lish;
– arxiv xizmati ko‘rsatishda shaxsiy manfaatdorlikning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik,
– arxiv hujjatlaridan foydalanish va o‘z ish faoliyati davomida siyosiy partiyalar, harakatlar, jamoat birlashmalari va shaxslarning arxiv ma’lumotlarini soxtalashtirish, o‘zgartirish va noto‘g‘ri talqin etishlariga yo‘l bermaslik;
– ma’lum bir shaxs va tashkilotga tegishli konfidensial ma’lumotlarni saqlash tartibiga qat’iy rioya qilish;
– arxiv idorasiga taallluqli bo‘lgan va uning manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan konfidensial ma’lumotlarni boshqalarga oshkor etmaslik;
– arxiv materiallaridan g‘arazli maqsadlarda, chunonchi, shaxsiy boylik orttirish yoki biror manfaat ko‘rish uchun foydalanmaslik;

III. Arxivchilarning asosiy vazifalari

7. Arxivchilarning asosiy vazifalari quyidagilarni tashkil etadi:
– arxivchilar shunday darajada arxiv hujjatlarining butligini himoya etishlari va saqlovini kafolatlashlari lozimki, uning natijasida ushbu hujjatlar kelgusi davrlarda ham o‘tmishdan asosli guvoh bera oladigan bo‘lib qolishi;
– hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o‘tkazish, saqlovga ajratish va kelib chiqish tamoyillarini saqlagan holda ular bilan tarixiy, huquqiy va ma’muriy mazmundan kelib chiqib, ishni tashkil etish;
– hujjatlarni, shu jumladan elektron hujjatlarni ish yuritish jarayonida yaratilishi, saqlanishi, ularni saqlovga ajratib olish, ular bilan tegishli arxiv yoki idoraviy arxivni jamlash, ishonib topshirilgan hujjatlarning saqlovi va konservatsiyasini ta’minlash, shu jumladan tizimlash, xatlash, arxiv hujjatlarini nashr etish va ulardan foydalanishni tashkil etish;
– hujjatlarning qimmatliligini aniqlash jarayonlarini beg‘araz, masalaga to‘g‘ri yondoshib, o‘z muassasasining ma’muriy talablari va jamlash siyosatidan kelib chiqib, amalga oshirish. Saqlovga ajratib olingan hujjatlarni arxiv ishi tamoyillariga (asosan kelib chiqish tamoyili va haqiqiylik tamoyili) va amaldagi talablarga asoslangan holda masalani keyinga qoldirmasdan, imkon qadar qisqa vaqt ichida tizimlashtirish va xatlash;
– hujjatlarni arxivning maqsad va vazifalaridan hamda mavjud resurs va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda jamlab borish. Arxivlarni saqlovga olingan hujjatlarning butligiga va jismoniy holatiga zarar yetkazadigan darajada jamlamaslik. Bunday hollarni oldini olish maqsadida oldindan, istiqbol rejalar asosida mavjud resurslarni doimiy ravishda kengaytirish choralarini ko‘rib borish;
– arxivlarda hujjatlarni qayta ishlash, saqlash va ulardan foydalanish jarayonlarida ularning haqiqiyligini va butligini doimiy ravishda himoya etib borish;
– hujjatlarning qimmatliligini aniqlash, tizimlash, xatlash, shu bilan birga konservatsion ishlov berish, ta’mirlash va ulardan foydalanish ishlarida arxiv hujjatlarining, shu jumladan elektron hujjatlarning arxiv ahamiyatini pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik. Har qanday tanlov ishlarini chuqur ishlangan usullar va mezonlar asosida amalga oshirish. Asl hujjatlarni boshqa asoslar bilan almashtirishni hujjatning huquqiy va axborot ahamiyatini inobatga olgan holda amalga oshirish;
– arxiv hujjatlarining tushunarli va jismoniy yaxlitligini ta’minlash choralarini ko‘rib borish;
– arxivchining shiori hujjatlarni yo‘q qilishga ajratish bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik. Hujjatlarni saqlovga ajratilayotgan hollarda ularni yaratgan (ishlab chiqqan) va yig‘ib borgan shaxs yoki muassasaning faoliyatiga guvoh bo‘luvchi asoslarni o‘zgarib boruvchi tadqiqot ehtiyojlarini inobatga olgan holda saqlab qolish. Kelib chiqishida gumonlar va noaniqliklarga ega hujjatni sotib olish noqonuniy tijoratni rivojlanishiga sabab bo‘lishini doimiy ravishda yodda tutish. Muntazam ravishda arxiv hujjatlarini o‘g‘irlash yoki noqonuniy o‘zlashtirishda gumon qilinayotgan shaxslar xususida boshqa arxiv muassasalari va huquqni muhofaza etuvchi organlar bilan hamkorlikda va o‘zaro aloqadorlikda bo‘lish;
– doimo o‘z ustida ishlash, nafaqat arxiv sohasi balki boshqa turdosh sohaga oid yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam malaka oshirib borish. Xorijiy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha doimiy izlanishda bo‘lish, xalqaro va ilg‘or tajribalarni o‘rganib borish, eng muhimi, joiz hollarda, kasbiy fazilatlarni namoyon eta olish va targ‘ib etish ishlarini olib borish.
Arxivchi kasbida arxivda saqlanayotgan hujjatlar bilan umumiylik xususiyati mavjud, ya’ni hujjatlarning yillar o‘tgan sayin qimmatliligi ortib borgani kabi, arxivchining arxiv va unda saqlanayotgan hujjatlarga oid ma’lumot bazasi ortib boradi. Shu xususiyatlarni inobatga olgan holda ko‘p yillik tajribaga ega arxivchilar yosh arxivchilarga doimiy tarzda saboq berib borishi, yosh arxivchilar esa tajriba egallashga intilishi lozim.

IV. Arxiv xodimlarining imidji va xulq-atvori

8. Arxiv xodimlarining imidji va xulq-atvori Arxivning obro‘sini oshirish va saqlashda o‘ta muhim omil hisoblanadi, muomala madaniyati, o‘zini tutishi va tashqi ko‘rinishini shakllantirish kabi tavsiflarni ham o‘z ichiga oladi.
9. Arxiv xodimlarining imidji va xulq-atvori quyidagicha bo‘lishi lozim:
– har doim hammaga ochiq yuz va do‘stona munosabatda bo‘lish;
– kamtar inson, o‘zgalar bilan munosabatda kibrdan uzoq bo‘lish, ijtimoiy mavqei turli shaxslar va mansabdorlar oldida har doim o‘z o‘rni va hurmatini saqlash;
– arxivchining ish kiyimi garderobi me’yorida, did bilan tanlangan klassik va konservativ uslubda bo‘lishi;
– mijozga e’tiborli – doimo “mijoz haq” degan shiorni yodda saqlash. Mijozlar hurmatini joyiga qo‘yish va ular bilan qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik;
– do‘stona munosabat, optimistik kayfiyat, hayrixoxlik ruhidagi suhbat, mijozlarida psixologik komfort hissini mustahkamlash va muqobil ijobiy hislar paydo bo‘lishiga zamin yaratish.
Arxivchi kasbi sharafli va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega kasblardan sanaladi. Bu kasb egalari orasida vijdonni sotish, ta’magirlik, hujjatlarni soxtalashtirish yoki moddiy manfaatni ko‘zlab sotish, shu jumladan asossiz ravishda ularni saqlovga olishdan bo‘yin tovlash, qasddan ularga jismoniy putur yetkazish yoki yo‘qotish mutlaqo yot illat hisoblanadi.