O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY DAVLAT ARXIVI XODIMLARI T.N.QORI-NIYOZIY UY MUZEYIDA

21

Bizning yurtimiz ne ne buyuk daholar, ulug‘ allomalar va mashhur siymolarni yetishtirib bergan makondir. Yurtimizda yetishib chiqqan Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al-Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, An-Nasafiy kabi buyuk bobokalonlarimiz dunyo ilm-fani rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishgan va butun dunyo ilm ahliga ustozlik qilishgan. Bu  silsila davom etib kelgan va bugungi kunda ham davom etmoqda.

Мarkaziy davlat arxivi xodimlari tomonidan Qori-Niyoziy uy muzeyi arxivini shakllantirish jarayonida Qori-Niyoziyga tegishli hujjatlarni o‘rganilar ekan, Qori-Niyoziy yurtimizdan chiqqan ko‘p qirrali yetuk olim ekanligiga guvoh bo’lishdi.

Buyuk olim Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy XIX asr oxiri, XX asr boshlarida yashab ijod etgan (1897-1970). Qori-Niyoziy O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining birinchi Prezidenti, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor, qator davlat mukofotlarining sohibi, Mehnat Qahramoni, mustaqil O‘zbekiston Respublikasinig «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni nishondori,  mashhur olim, jamoat arbobi va o‘zbek xalqi ilm-fani va madaniy qurilishi sohasida ulkan xizmatlar ko‘rsatgan arboblardan biridir.

Akademik Qori-Niyoziy matematika, fan va madaniyat tarixiga oid asarlar yaratgan olim, davlat va jamoat arbobi bo‘lgan. Mehnat va pedagogik faoliyatini o‘spirinlikdan boshlagan Toshmuhammad Niyozovich 1917 yilning oxirlarida Farg‘ona shahrida birinchi yangi tipdagi o‘zbek maktabini barpo etishda faol qatnashib, u erda o‘qituvchilik qilgan. Yangi maktabning ishini muvaffaqiyatli tashkil etishda eng muhim masala – maktabni o‘qituvchilar bilan ta’minlash masalasi bo‘lgan, chunki o‘sha davrda mahalliy aholidan o‘qituvchilik talabiga to‘la javob beradigan kishilarni topish katta muammo edi. Shu tufayli Qori-Niyoziy o‘z esdaliklarida shunday yozadi: «O‘zimda ham bu sohada na tajriba va na yetarli ma’lumot bor edi, chunki men bitirgan rus-tuzem maktabining bergan ma’lumoti faqat butun boshlang‘ichgina bo‘lib, sirtdan o‘qish uzoq davom etmagan edi… . Holbuki, men o‘qituvchilikni boshlaganimda  matematika sohasidagi malumotim  faqat butun sonlar bilan bajariladigan to‘rt amal doirasida bo‘lgan hisobdangina iborat edi.«1 Aynan shuning uchun  Toshmuhammad Niyozovich matematikani o‘rganishga qattiq bel bog‘laydi. Rus tilini yaxshi bilgani sababli o‘sha vaqtlarda mavjud bo‘lgan barcha matematikaga doir rus tilidagi adabiyotlarni o‘rganadi. Natijada bu sohada ulkan cho‘qqilarga erishadi. Arifmetika, algebra, geometriyaga oid asarlar yaratadi. U arab va fors tillarini ham yaxshi bilgani tufayli uning qoralama qo‘lyozmalari orasida arab harflarida yozilgan matematik yechimlarga oid masala va misollarni uchratishimiz mumkin.

Akademik Qori-Niyoziy ensiklopedik olim bo‘lib, u nafaqat matematika sohasida, balki adabiyot, filologiya, tarix, astronomiya va boshqa fanlarga oid bir qancha asarlar yozgan.  Jumladan, adabiy janrda yozilgan «Hayot maktabi»,  matematikaga oid «Asosiy matematik analiz kursi», astronomiyaga oid «Ulug‘bekning astronomiya maktabi» va boshqa mavzudagi asarlari uning hayoti davomidagi ijod mahsullaridandir. Qori-Niyoziy o‘zidan keyingi avlodga ulkan meros qoldirgan buyuk siymodir. Uning hayot faoliyati va ilm-fan sohasida olib borgan salmoqli mehnati hamda bu sohada erishgan yutuqlari haqida qancha gapirsak shuncha oz. Qori-Niyoziy nafaqat yurtimizda, balki dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etgan.

1 T.N.Qori-Niyoziy, hayot maktabi,O’zFA «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1970y.