O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida 2018 yil 12 dekabr kuni “O‘zbek fani va madaniyati taraqqiyoti darg‘alari: Y. G‘ulomov, M. Axunova, S. Shamsiyeva, N. Ostroumovlarning hayoti va ijodi” ga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

35

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida 2018 yil 12 dekabr kuni “O‘zbek fani va madaniyati taraqqiyoti darg‘alari: Y. G‘ulomov, M. Axunova, S. Shamsiyeva, N. Ostroumovlarning hayoti va ijodi” ga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi o‘qituvchi va talabalari,  O‘zR MDA rahbariyati va xodimlari ishtirok etdilar.

Davra suhbatini O‘zR MDA direktori D. T. Zakirova ochib berdi. O‘z so‘zida Direktor MDA da saqlanayotgan tarixiy hujjatlar, ularni o‘rganishning dolzarb ekanligini yana bir bor ta’kidlab, tashrif buyurganlarga arxiv jamoasi nomidan samimiy minnatdorchilik bildirdi hamda ularni o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi va kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi. So‘ngra Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi mudiri, tarix fanlar doktori R. E. Xaliqova so‘zga chiqib, tarix fanining ahamiyati, uni o‘rganishda arxivlarning o‘rni, davra suhbati mavzusini tashkil etuvchi shaxslarning o‘zbek fan va madaniyati rivojidagi o‘rni haqida qisqacha ma’lumot berdi.

Suhbat davomida MDA “Rejalashtirish va tashkiliy-metodik ishlar” bo‘limi katta ilmiy xodimi SH.H. Davurova “Akademik Yahyo G‘ulomovning shaxsiy arxiv fondi hujjatlari” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimotda R-2883 shaxsiy fondi asosida olim hayoti, ilmiy faoliyati haqida asosiy ma‘lumotlar berildi.

So‘ngra MDA “Rejalashtirish va tashkiliy-metodik ishlar” bo‘limi ilmiy xodimi O. Z. Orziqulov “Axunova Melixon Axunovna – fan va jamoat arbobi” mavzusida R-2800 shaxsiy fondi hujjatlari asosida taqdimotni namoyish etdi. Bunda asosiy e’tibor olima hayoti va faoliyatiga oid biografik ma’lumotlar berishga qaratildi.

Shuningdek MDA “Rejalashtirish va tashkiliy-metodik ishlar” bo‘limi mudiri Sh.A. Abdurahimova R-2854 shaxsiy fondi hujjatlari asosida “Saodat Shamsiyevaning “Saodat” jurnalidagi ijodiy faoliyati” nomli taqdimotni tashrif buyurganlar e’tiboriga havola etdi. Taqdimot mobaynida bevosita Saodat Shamsiyeva xotiralaridan parchalar o‘qilib berildi.

Suhbat so‘nggida ko‘rsatilgan 06.11.2018 kuni “Yoshlar” kanalida namoyish etilgan Xiva xonligi devonxonasi arxiv hujjatlari haqidagi teleko‘rsatuv barchaning diqqatini o‘ziga jalb etdi va arxiv hujjatlariga nisbatan ulkan qiziqish paydo qildi.

Tadbirga O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi o‘qituvchilarining jonli ijroda aytgan kuy va qo‘shiqlari o‘zgacha ko‘tarinkilik va joziba baxsh etdi.