“Xiva xonligi kanselyariyasi” xujjatlari YUNЕSKOning “Jahon xotirasi”dasturi ro‘yhatiga kiritildi

139

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi o‘zining qadimiy, boy va asl tarixiy hujjatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari arxivlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, arxivda saqlanayotgan “Xiva xonligi kanselyariyasi”, “Buxoro Amirligi Qushbegisi”, “Qo‘qon xonligi” va shu kabi boshqa fondlar uzoq o‘tmish xolis o‘rganish va tadqiq etishda muhim va qimmatli manba hisoblanadi. Ular alohida qimmatli hujjatlar turkumiga kiritilgan hujjatlar hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi qoshidagi YUNЕSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining murojaati asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan “Xiva xonligi arxiv hujjatlari” fondi hujjatlarining asliyligi va xalqaro ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda mazkur fondni to‘laligicha YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish olib borildi. Fond to‘liq o‘rganib chiqilib, tegishli materiallar tayyorlandi, o‘zbek, rus va ingliz tillarida annotatsiyalar bilan YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” dasturi xalqaro ro‘yxatiga kiritish uchun taqdim etildi.

2017 yilning 24-27 oktyabr kunlari Parij shahrida ”Jahon xotirasi” YUNЕSKO dasturi bo‘yicha xalqaro qo‘mitaning navbatdagi majlisida nomzodnomalar ko‘rib chiqildi. Butun dunyo mamlakatlaridan 78 ta nomzodnoma mazkur ro‘yxatga kiritilishi uchun tavsiya etilgan edi. Natijada 2017 yil 6 noyabrda mazkur tashkilotning “Jahon xotirasi” xalqaro ro‘yxatiga kiritish maqsadida taqdim etilgan 50 dan ortiq o‘ziga xos tarixga ega mamlakatlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining “Xiva xonligi Kanselyariyasi” nomzodnomasi YUNЕSKO dasturi bo‘yicha xalqaro qo‘mitaning navbatdagi majlisida 3-chi bo‘lib e’tirof etildi va xalqaro miqyosdagi sertifikat bilan taqdirlandi.

Ushbu xalqaro tashkilot tomonidan ma’qullangan “Xiva xonligi Kanselyariyasi” hamda “Buxoro amirligi Qushbegisi” nomzodnomalarini tayyorlab, ularni YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” xalqaro ro‘yxatiga kiritishga oid ma’lumotlarni taqdim etish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining “Rejalashtirish va tashkiliy-metodik ishlar” va “Hujjatlarni muhofaza qilinishini ta’minlash” bo‘limi xodimlari faol ishtirok etdilar.